Qonun va maxfiylik: O'zbekistonda video tahlil
Bu bobning kodi: kod/24_qonun.py — kitob papkasidan ishga tushiring: python kod/24_qonun.py
Kamera odamni ko'radi. Demak, tizim shaxsga doir ma'lumotga ishlov beradi, va bunga qonun talablari bor. Bu bobda qonunning o'zini o'qiymiz: video tahlilga tegishli moddalar nima deydi, 22-bobdagi kaska nazorati ularga qanday javob beradi va mijozga nimani yozma kelishish kerak.
Bu bob yuridik maslahat emas. Matnlar lex.uz dan 2026-09-22 holatida olingan. Qonun lex.uz da kirill yozuvida — iqtiboslarni lotin yozuviga biz o'girdik; rasmiy matn — lex.uz dagisi. Matnlar tez o'zgaradi: shu yilning o'zida bu bobdagi moddalarga uch marta o'zgartirish kiritilgan (O'RQ-1115 — yanvar, O'RQ-1125 — mart, O'RQ-1158 — iyul). Loyihadan oldin yurist bilan tekshiring.
Qaysi hujjatlar
| Hujjat | Nima uchun kerak |
|---|---|
| "Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida"gi Qonun, O'RQ-547 (ruscha ZRU-547), 2019-07-02 | asosiy qonun: tushunchalar, rozilik, saqlash, chegaradan tashqariga uzatish |
| Mehnat kodeksi: 151-, 175–180-, 355-, 359-moddalar | xodimning shaxsga doir ma'lumotlari, himoya vositalari |
| Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks, 46-2-modda | jarimalar |
| Jinoyat kodeksi, 141-2-modda | takroriy va og'ir buzish |
| Prezident farmoni PF-115, 2026-06-23 | bazaviy hisoblash miqdori (BHM) — 440 000 so'm, 2026-09-01 dan |
Moddalar raqami bilan keltiriladi; "qonun" deganda O'RQ-547, "MK" — Mehnat kodeksi, "MJtK" — Ma'muriy javobgarlik kodeksi, "JK" — Jinoyat kodeksi.
Kamera tasviri — shaxsga doir ma'lumotmi?
Qonunning 4-moddasi:
shaxsga doir ma'lumotlar — muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo'lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog'ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot
Kadrdagi yuz — shubhasiz shaxsga doir ma'lumot. Bizning hodisa yozuvimizda esa ism ham, yuz ham yo'q: kamera, vaqt, trek raqami. Lekin prorab "k1 kamera, 10:38 da" degan xabarni olib, kim ekanini biladi — yozuv muayyan odamga taalluqli va uni aniqlash mumkin. Shuning uchun hodisalarni ham shaxsga doir ma'lumot deb hisoblaymiz.
Rollar ham 4-moddada. Mulkdor — bazaga egalik qiluvchi: mijoz, qurilish kompaniyasi. Operator — ishlov berishni amalga oshiruvchi: tizim mijoz serverida ishlasa va unga faqat mijoz kirsa — mijozning o'zi; tizimni o'z serveringizda xizmat sifatida bersangiz — siz ham. Bu farq huquqiy: qonunning 31-moddasi mulkdorga ishlov berishni uchinchi shaxsga topshirishni uch holatda ruxsat beradi — subyektning yozma roziligi bilan, mulkdor va subyekt o'rtasidagi shartnomani ijro etish uchun va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda. MK 178-moddasi esa qo'shadi: ish beruvchi xodim ma'lumotlarini "uning yozma roziligisiz uchinchi shaxsga xabar qilmaslik" kerak (hayot va sog'liqqa tahdidning oldini olish va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollar bundan mustasno).
Xulosa: mijoz serverida ishlaydigan tizim huquqan eng sodda — ma'lumot mijozdan chiqmaydi. Xizmat modelida esa qaysi asosga tayanishingizni shartnomada yozing va yuristga ko'rsating (26-bob).
Asos: nima uchun ishlov berish mumkin
Qonunning 18-moddasi ishlov berish mumkin bo'lgan holatlarni sanaydi: subyekt roziligi, subyekt taraf bo'lgan shartnoma, "mulkdor va (yoki) operatorning qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun", subyekt yoki boshqa shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va boshqalar.
Kaska nazorati uchun asos — ish beruvchining qonuniy majburiyati. Mehnat kodeksida:
- 151-modda: ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirishi shart, agar "xodim mehnat to'g'risidagi qonunchilikka yoki mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq foydalanilishi shart bo'lgan shaxsiy va (yoki) jamoaviy himoya vositalaridan foydalanmaganda".
- 355-modda: xodim "shaxsiy himoya vositalarini to'g'ri qo'llashi" shart.
- 359-modda: ish beruvchi "ish joylaridagi mehnat sharoitlarining holati ustidan ... nazoratni amalga oshirishi" shart.
Asos maqsad bilan bog'langan. Qonunning 19-moddasi: "Shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berishning maqsadi o'zgargan taqdirda, mulkdor va (yoki) operator subyektning o'z ma'lumotlariga o'zgargan maqsadga muvofiq ishlov berilishi uchun roziligini olishi kerak." Kaska uchun yig'ilgan hodisalar bilan ertaga "kim qancha ishladi" ni hisoblash — yangi maqsad, demak yangi rozilik.
Yuz tanish — alohida qoidalar
Qonunning 26-moddasi biometrik ma'lumotni "Subyektning anatomik va fiziologik o'ziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir ma'lumotlar" deb ta'riflaydi va qo'shadi:
Subyektning shaxsini aniqlash uchun foydalaniladigan biometrik va genetik ma'lumotlarga faqat mazkur subyektning roziligi mavjud bo'lgan taqdirda, bundan O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ro'yobga chiqarish, odil sudlovni amalga oshirish, ijro ishini yuritish bilan bog'liq hollar mustasno, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishlov berilishi mumkin.
13-bobdagi yuz vektori (SFace) — aynan shaxsni aniqlash uchun ishlatiladigan biometrik ma'lumot. Unga uchta talab qo'shiladi:
- Har bir odamning roziligi — tasdiqlab bo'ladigan shaklda (21-modda), va mulkdor uni isbotlay olishi kerak (31-modda). Rozilik chaqirib olinsa, ma'lumot yo'q qilinadi (17-modda).
- Faqat O'zbekiston hududida saqlash — 27-1-modda (pastda).
- Davlat reyestrida ro'yxatdan o'tkazish — 20-modda (pastda).
22-bobdagi kaska nazorati shuning uchun yuzni tanimaydi va kitob rasmlarida yuzni xiralashtiradi: "kim" emas, "kaskasiz odam bor" degan savolga javob beradi. Yuz tanish kerak bo'lgan vazifa (masalan, kirishni boshqarish) — alohida loyiha, yuqoridagi uch talab bilan.
Xabardor qilish
Qonunning 23-moddasi:
Subyekt o'zining shaxsga doir ma'lumotlari shaxsga doir ma'lumotlar bazasiga kiritilayotganda shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish maqsadlari, ushbu Qonunning 30-moddasida belgilangan o'z huquqlari haqida yozma shaklda xabardor qilinishi kerak.
Ma'lumot uchinchi shaxsga berilsa — subyekt uch kun ichida yozma xabardor qilinadi (23-modda, 2-qism). Xodimlar uchun MK 176-moddasi aniqroq: ish beruvchi ma'lumot olishning "maqsadlari, taxmin qilinayotgan manbalari va usullari" haqida xabar qilishi va xodimlarni ishlov berish tartibini belgilaydigan hujjatlar bilan "imzo qo'ydirib tanishtirishi" shart. 30-moddadagi huquqlar orasida: o'z ma'lumotlari borligini bilish, ishlov berish haqida axborot olish, vakolatli organ yoki sudga murojaat qilish, noto'g'ri yoki keraksiz ma'lumotlarga ishlov berishni to'xtatishni talab qilish.
Amalda bu — bir betlik ichki hujjat ("video tahlil tartibi"): maqsad, qaysi kameralar, nima saqlanadi (hodisa, yuz yo'q), qancha vaqt, kim ko'radi, xodimning huquqlari — va har bir ishchining imzosi. Maydondagi ogohlantirish belgilari — qonun matnida alohida yozilmagan, lekin yaxshi amaliyot.
Saqlash muddati va yo'q qilish
Qonunning 10-moddasi: "Shaxsga doir ma'lumotlarni saqlash muddati ularni yig'ish va ularga ishlov berish maqsadiga erishish sanasi bilan belgilanadi." 17-modda ma'lumotni yo'q qilish shart bo'lgan holatlarni sanaydi: maqsadga erishilganda, rozilik chaqirib olinganda, rozilikdagi muddat o'tganda, sud qarori bilan.
Qonun raqam bermaydi — muddatni mulkdor maqsaddan kelib chiqib belgilaydi va ichki hujjatda yozadi. Masalan: hodisalar — 90 kun (oylik hisobot va nizolar uchun), dalil rasmlari — 30 kun. Bu raqamlar — mijoz bilan kelishiladigan misol, qonun talabi emas. Talab boshqa: muddat yozilgan bo'lsin va unga amalda rioya qilinsin. 20-bobdagi loyihada hozircha avtomatik o'chirish yo'q — bu 1-mashq.
Chegaradan tashqariga: server va Telegram
27-1-modda 2026-yil 26-martda (O'RQ-1125) yangi tahrirda qabul qilingan. Ko'p maqola va qo'llanmalar hali eski tahrirni keltiradi, shuning uchun sanaga qarang. Hozirgi matn:
Quyidagi shaxsga doir ma'lumotlar O'zbekiston Respublikasi hududida saqlanishi shart: jismoniy shaxslarning biometrik ma'lumotlari; jismoniy shaxslarning genetik ma'lumotlari; O'zbekiston Respublikasi hududida o'z faoliyatini amalga oshirayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma'lumotlari.
Boshqa shaxsga doir ma'lumotlarni chet elda saqlash mumkin, agar uchta shartdan biri bajarilsa: davlat bir xil himoya ta'minlovchi deb tan olingan bo'lsa (ro'yxatni Vazirlar Mahkamasi belgilaydi), vakolatli organ tasdiqlaydigan standart shartnoma shartlari yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilingan bo'lsa, yoki ro'yxati vakolatli organ tasdiqlaydigan xalqaro standartlarga rioya qilinsa. Uzatishning o'zi — 15-modda: bir xil himoya ta'minlamaydigan davlatga — subyekt roziligi bilan yoki qonunda sanalgan boshqa hollarda.
Diqqat: Ma'muriy javobgarlik kodeksining 46-2-moddasi 1-qismi (2021-yil tahriri) hali ham eski talabni tasvirlaydi — fuqarolar ma'lumotlariga Internetda ishlov berilayotganda ularni "jisman O'zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda" saqlash. Qonun va kodeks matnlari hozir bir-biriga to'liq mos emas. Video tizim uchun eng xavfsiz yo'l — ma'lumotni O'zbekistondagi serverda saqlash.
Telegram qayerda? Telegram ning o'zbekcha maxfiylik siyosati (telegram.org/privacy, 4.1-band): "Agar siz O'zbekistondan Telegramda ro'yxatdan o'tgan bo'lsangiz, ma'lumotlaringiz Niderlandiyadagi data-markazlarda saqlanadi." Demak, har bir signal xabari chegaradan tashqariga chiqadi. 22-bobdagi butun tizim sinovida Telegram ga aynan nima ketganini o'qiymiz — soxta Telegram serveri har bir xabarni yozib olgan:
import json from pathlib import Path import pandas as pd yol = Path("out/telegram/xabarlar.jsonl") if not yol.exists(): raise SystemExit(f"{yol} yo'q: avval 22-bobdagi butun tizim sinovini ishga tushiring") xabarlar = [json.loads(q) for q in yol.read_text(encoding="utf-8").splitlines()] print(len(xabarlar), "ta xabar; JSON maydonlari:", sorted({k for x in xabarlar for k in x})) print("matn qatorlari:", sorted({q.split(":")[0] for x in xabarlar for q in x["text"].splitlines()})) print("---") print(xabarlar[0]["text"])
8 ta xabar; JSON maydonlari: ['chat_id', 'qabul', 'text'] matn qatorlari: ['Kamera', 'Kaskasiz odam', 'Trek', 'Vaqt'] --- Kaskasiz odam Kamera: k1 Vaqt: 2026-09-22 10:38:49 Trek: 15
Xabarda ism, yuz va rasm yo'q — faqat hodisa turi, kamera, vaqt va trek raqami. Bu ataylab tanlangan minimum (qonunning 10- va 19-moddalari: ma'lumot maqsad uchun "zarur hamda yetarli" bo'lsin). 22-bobning 3-mashqidagi dalil rasmini Telegram ga yuborsangiz, chegaradan odam tasviri chiqadi. Yaxshiroq yo'l — rasm O'zbekistondagi serverda qoladi, xabarda esa faqat panelga havola bo'ladi va panel parol so'raydi (20-bob).
Ro'yxatdan o'tkazish
Qonunning 20-moddasi (2026-yil tahriri): "Ushbu Qonun 27-1-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq O'zbekiston Respublikasi hududida saqlanishi shart bo'lgan shaxsga doir ma'lumotlar bazalari Shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro'yxatdan o'tkazilishi lozim." Ro'yxatdan o'tkazilmaydiganlar orasida — "mehnat to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq ishlov beriladigan shaxsga doir ma'lumotlar mavjud bo'lgan" bazalar. Reyestrni vakolatli organ yuritadi — qonun matnida bu Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi (8-modda). Ro'yxatdan o'tgan bazaning ma'lumotlari o'zgarsa — o'n kalendar kun ichida xabar beriladi.
Matn bo'yicha: yuz tanimaydigan kaska nazorati biometrik baza yuritmaydi — ro'yxatdan o'tkazish talabi unga tushmaydi. Yuz tanish qo'shilsa — tushadi.
Himoya choralari
27-modda mulkdor va operatordan "huquqiy, tashkiliy va texnik choralar" talab qiladi: shaxsiy hayotga aralashuvdan himoya, ma'lumotlarning yaxlitligi, maxfiyligi, qonunga xilof ishlov berishning oldini olish. 31-modda majburiyatlarni sanaydi, jumladan: vazifalar uchun zarur va yetarli ma'lumotlar tarkibini tasdiqlash, maqsadga erishilganda yo'q qilish, rozilik dalilini taqdim etish, uchinchi shaxsga berilganda subyektni yozma xabardor qilish. Namunaviy tartiblar Adliya vazirining 2023-yil 14- va 15-noyabrdagi 19-mh va 20-mh sonli buyruqlari bilan tasdiqlangan (lex.uz dagi havola).
Kitobning III qismi texnik choralarning katta qismini allaqachon bajargan:
| Talab | Kitobda |
|---|---|
| Kerakli minimum ma'lumot | hodisada ism va yuz yo'q, Telegram da faqat matn (yuqorida) |
| Ruxsatsiz kirishdan himoya | kamera tarmog'i va MediaMTX parollari (19-bob), token, HTTPS, faqat o'qiladigan admin panel, yopiq portlar (20–21-boblar) |
| Sirlar kodda emas | hamma parol va token muhit o'zgaruvchilarida (20–21-boblar) |
| Yaxlitlik | zaxira nusxa va tiklash sinovi (21-bob) |
| Yuzni qayta ishlamaslik | kaska yuzsiz tekshiriladi, rasmlarda yuz xiralashtirilgan (22-bob) |
| Saqlash muddati | yo'q — 1-mashq |
| Xabardor qilish va imzo | yo'q — 2-mashq, shartnoma — 26-bob |
Javobgarlik
Qonunning 33-moddasi javobgarlikni kodekslarga yo'naltiradi. Ma'muriy javobgarlik kodeksining 46-2-moddasiga 2026-yil 21-yanvarda (O'RQ-1115) ikkinchi qism qo'shilgan — aynan bu kitob mavzusi:
Sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan xolda shaxsga doir ma'lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog'ida tarqatish, — ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Jarimalarni so'mga o'giramiz:
BHM = 440_000 jazolar = [("MJtK 46-2, 1-qism", "fuqaro", 7, 7), ("MJtK 46-2, 1-qism", "mansabdor shaxs", 50, 50), ("MJtK 46-2, 2-qism (sun'iy intellekt)", "", 50, 100), ("JK 141-2, 1-qism", "", 100, 150), ("JK 141-2, 2-qism", "", 150, 200)] som = lambda n: f"{n * BHM:,}".replace(",", " ") show(pd.DataFrame([{"modda": m, "kim": k, "BHM": a if a == b else f"{a}–{b}", "jarima, so'm": som(a) if a == b else f"{som(a)} – {som(b)}"} for m, k, a, b in jazolar]))
| modda | kim | BHM | jarima, so'm |
|---|---|---|---|
| MJtK 46-2, 1-qism | fuqaro | 7 | 3 080 000 |
| MJtK 46-2, 1-qism | mansabdor shaxs | 50 | 22 000 000 |
| MJtK 46-2, 2-qism (sun'iy intellekt) | 50–100 | 22 000 000 – 44 000 000 | |
| JK 141-2, 1-qism | 100–150 | 44 000 000 – 66 000 000 | |
| JK 141-2, 2-qism | 150–200 | 66 000 000 – 88 000 000 |
Jinoyat kodeksining 141-2-moddasi ma'muriy jazodan keyin takrorlangan buzishga qo'llanadi: 1-qism — jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari; 2-qism (bir guruh shaxslar tomonidan, takroran, g'arazli niyatda, xizmat mavqeidan foydalanib yoki og'ir oqibatlarga sabab bo'lsa) — jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha.
Asosiy fikr
- Kamera tasviri, hatto ismsiz hodisa yozuvi ham, aniqlash mumkin bo'lsa — shaxsga doir ma'lumot.
- Kaska nazoratining qonuniy asosi — ish beruvchining himoya vositalari ustidan nazorat majburiyati (MK 151, 359). Maqsad o'zgarsa — yangi rozilik.
- Yuz tanish — biometriya: har bir odamning roziligi, O'zbekistonda saqlash, davlat reyestri. Shuning uchun kaska nazorati yuzni tanimaydi.
- 27-1-modda 2026-yil martda o'zgargan: majburiy lokalizatsiya endi biometrik, genetik va telekom ma'lumotlariga. Kodeks matni hali eski talabni tasvirlaydi — video uchun O'zbekistondagi server eng xavfsiz yo'l.
- Telegram ma'lumotlari Niderlandiyada: xabarda minimum ma'lumot, rasm yuborilmaydi.
- 2026-yildan sun'iy intellekt bilan qonunga xilof ishlov berish uchun alohida jarima bor.
Mashqlar
- Saqlash muddatini kodga aylantiring:
loyihagatozalaboshqaruv buyrug'ini qo'shing —SAQLASH_KUNLARImuhit o'zgaruvchisidan eski hodisalarni o'chiradi. Test yozing (20-bobdagitests.pyuslubida) va 21-bobdagi Compose to'plamida kuniga bir marta ishga tushiring. - Xodimlar uchun bir betlik "video tahlil tartibi" yozing: maqsad, kameralar, nima saqlanadi, qancha vaqt, kim ko'radi, 30-moddadagi huquqlar. Har bir band qaysi moddaga tayanishini yonida ko'rsating.
- Signalga dalil rasmi qo'shsangiz (22-bob, 3-mashq), bu bobdagi qaysi moddalar tizimga yangidan tegishli bo'ladi? Rasm Telegram orqali yuborilsa-chi? Javobni modda raqamlari bilan yozing.
Bu bobni bepul o'qidingiz.
Kitob o'rgatadi, lekin sizning kodingiz nega ishlamaganini ayta olmaydi. Kursda uy vazifangiz tekshiriladi.